Sahifa yuklanmoqda . . .

Usmon Azim Hayoti va Ijodi

Usmon Azim

shoir
ijodkor
dramaturg
yozuvchi
tarjimon
stenariynavis

13 Aug 1950, Surxondaryo viloyati, Boysun tumani da tavallud topgan

146 marta ko'rildi

Usmon Azim She'rlari

Iste’dodli shoirlardan biri Usmon Azimovdir. U 1950 yili Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug’ilgan. 1972 yilga kelib Toshkent  Davlat dorilfununini tugatgan. So‘ngra sobiq Sovet Armiyasi saflarida xizmat o‘tagan. U dastavval jurnalist sifatida Respublika radiosida, bir qator ro’znoma va oynomalarda, nashriyotlarda faoliyat ko‘rsatgan. Hozirgi kunda esa Respublika Prezidenti devonida Davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Usmon Azimov shoir sifatida 70-yillarda matbuotda ko‘rina boshlagan. 1978 yilga kelib, shoirning birinchi to‘plami «Insonni tushunish» nomi bilan nashr bo‘lgan. Shundan so‘ng uning ketma-ket «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Otrajeniye» (1983) kabi she’riy to‘plamlari chop bo‘ladi. «Bir qadam» nomli radiodramasi, bolalar uchun «G’aroyib ajdaho» (ertak), «Bog‘dagi bog‘cha» kabi bir qator asarlari paydo bo‘ladi. Shuningdek, «Dars» (1987), «2 aprel» (1988), «Baxshiyona» (1988), «Uyg‘onish azobi» (1991) singari she’riy to‘plamlarni yaratadi. U yaratgan o‘nlab she’rlar, dostonlar faqat mavzu, janr va uslub jihatidan emas, balki jo‘shqin, shiddatli va ayni chog‘da beg‘uborligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, uning asarlarida hayotdagidek kuchli dramatizm va fojeaviylik o‘quvchini hayajonga tortadi. Eng muhimi, uning she’r va dostonlarida ona Vatan ishqi, ona xalq tashvishlari, kelajak muammolari goh zamonaviy mavzularda, goh tarixiy-qiyosiy tarzda, goh folklor an’analari ruhida o‘zining chuqur realistik ifodasini topadi. Ha, shoir o‘zi haqida aytganidek:

O’ynoq-o‘ynoq, og‘ir-og‘ir oqmoqda umrim. 
Goh ko‘z yumib, goh ufqqa botmoqda umrim. 
Bor jonini sadqa aylab she’rga, qo‘shiqqa, 
Siz yo‘qotgan sururlarni topmoqda umrim.


Usmon Azim ijodi hozir kamolot bosqichida. Ishqilib zavol topmasin, el-yurt uchun umrini, ijodini baxshida etgani rost bo‘lsin. U V.Mayakovskiy nomidagi Gruzin Davlat mukofoti sovrindoridir.

Usmon Azim - hozirgi o‘zbek she’riyatining eng yorqin namoyandalaridan biri. U Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan. Usmon Azimov nafaqat shoir, balki «Jodu» hikoyalar to‘plami, «Kunduzsiz kechalar», «Bir qadam yo‘l», «Alpomishning  qaytishi» singari p’esalar, «Sevgi», «Alpomish» kabi kinofilmlar stsenariylarining ham muallifi sifatida mashhurdir.

Asarlari: «Insonni tushunish» (1978, birinchi to‘plami), «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Otrajenie» (1983), «Dars» (1987), «2 aprel» (1988), «Baxshiyot» (1988), «Uyg‘onish azobi» (1991) kabi she’riy to‘plamlari va boshq.
 

Tafakkur Tafakkur asarlari


Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yo'llashingiz mumkin: xabar@tafakkur.ga