Sahifa yuklanmoqda . . .


Savob so’zin ishrat bilan adashtirmang

Bir do’konning qarshisida uch-to’rt xotin,

Gurunglashib kutar arzon yog’ navbatin. 

O’sha yerdan o’tib qoldi bitta erkak,

Xuddi shundan boshlanadi bizning ertak.

 

U ayollar ichra biri go’zal edi,

O’zi yosh-u, ammo so’zi masal edi. 

O’sha erkak qarab sekin o’ng-u chapga,

U ayolni quvlik bilan soldi gapga. 

 

Dedi: - Singlim, sizga rahmim keldi juda,

O’rningizga kuyov bola kelmapti-da. 

Ayol dedi: - Erim o’tgan, bir bolam bor,

Ikki yilki, bir o’zimga qolgan ro’zg’or. 

 

Erkak dedi: - Qiynalibsiz g’amlar yutib,

Yog’ uchun ham yurasizmi navbat kutib. 

Navbat kutib yoshligingiz bo’lar uvol,

Erga tegishingiz kerak gulday ayol. 

 

Mening uyim to’la yemish, yog’-u unlar,

Omborxonam to’la meva, don-u dunlar. 

Ikki uyda ikki dona xotinim bor,

Istasangiz bo’ling menga uchinchi yor. 

 

Ayol dedi bir oz o’ylab, bir oz kulib:

-  Kundoshlarim qo’yishsa-chi sochim yulib?   

Mayliku-ya ikki xotin tinch yotishsa,

Ne qilaman derazamga tosh otishsa? 

 

Erkak dedi: - Xotinlarim bilishmaydi,

Bilishmagach, tinch yashaysiz, urishmaydi. 

Hammangizni teng ko’raman toqat bilan,

Visol tuni uch kunda bir navbat bilan. 

 

Ayol dedi kulgusini ichiga yutib:

-  O’larkanman u yerdayam navbat kutib. 

Mashinaga, uyga navbat kutgan edim.

Navbat kutib ko’z do'xtirdan o’tgan edim.

 

Ammo bunday ko’chalardan o’tmaganman,

O’g’irlikcha erga navbat kutmaganman. 

Rozi bo’lsam, bilmam, nedan yutarkanman.

U yerdayam, bu yerdayam kutarkanman. 

 

Uch kunda bir yor kutgandan bo’ynim egib,

Bir oyda bir yog’ kutayin qomat kerib. 

Erkak dedi: - Tavba, bu ne deganingiz?

Axir kunda osh bo’lardi yeganingiz.

 

 Ayol dedi: - Bu deganim bermang ozor,

Oshqozonim tepasida Yuragim bor.

Erkak dedi: - Mendayam bor o’sha yurak,

Rostin aytsam, menga faqat savob kerak. 

 

O’ngimdayam, tushimdayam savob deyman,

Uyimdayam, ishimdayam savob deyman. 

Ayol dedi: - Kechiring, ey yaxshi odam,

Beva ekan men-la turgan ayollar ham.

 

Yoshlari sal kattarog’-u mehrga zor,

Kerakmasmi to’rtinchi yo beshinchi yor? 

Shoshmay turing, ularni ham chaqirayin,

"Ochildi baxtimiz" deya baqirayin. 

 

Suyungandan aqllari shoshar edi,

Savobingiz besh barobar oshar edi. 

Shunda erkak chin niyatin ochib ketdi:

Mashinasin yurgizdi-yu, qochib ketdi. 

 

Mullakalar, ojizgina ayoldirmiz,

Balki kalta o’y-u, kalta xayoldirmiz. 

Orangizda saxiy, hotam kishilar ko’p,

Olam-olam ehson qilib, olishmas cho’p. 

 

Chin saxiylar muhtojlarga lagan-lagan

Osh kirgizib, kimdanligin aytishmagan. 

Xabar olib qo’shnisining yo’q-boridan,

Kiyim-kechak, non tashlagan devoridan. 

 

Marhabo der: - Baxt-u omad, qiyinchilik,

Hamma narsa o’tkinchidir, vaqtinchalik. 

O’tinch: Bizni nafsingizga talashtirmang,

Savob so’zin ishrat bilan adashtirmang! 


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi She'rlar Marhabo Karimova She'rlari Marhabo Karimova asarlari