Sahifa yuklanmoqda . . .


Insof

Quyilmadi hech erim,

Ichim to'la o'kinish.

Ellik yoshdan oshsa ham,

Araq, ishrat, so'kinish.

Shunday bezor bo'ldimki,

Zirillardim kelsa ham.

Xafa bo'lmasdim, agar

Javobimni bersa ham.

Oxirati ne bo'lar?

Endi Alloh biladi.

Naqqoshligini tashlab,

Sudxo'rlik ham qiladi.

Yalinaman: "Yoshmassiz,

Namoz o'qing, dadasi.

Jon omonat, o'lim haq",

Desam, qotar ensasi.

Bu odamni tek qo'ysam,

Endi shundoq o'tadi.

Agar bir gap bo'lsa ham,

Naq do'zaxga ketadi.

Voy-voy, xudo saqlasin,

Qo'rqitaman do'zaxdan,

Parvoyi palak. Bir kun

Gap boshladim jannatdan.

Dedim: "Daryosida may,

Tubida la'l, durlar bor.

Dadasi-chi, jannatda

O'n besh yoshlik hurlar bor.

Qomatlari kelishgan,

Harirdir ko'ylaklari.

Ko'rinib turar shundoq

Boldirin iliklari.

Biqinlari tasmadek,

Semizmas manga o'xshab.

Rohat qilasiz nafis

Barmoqlarini ushlab.

Ko'zlaringiz qamashar

Badanining nuriga.

Faqat pok erkak loyiq

Jannatning bu huriga.

Dedim-u, erimning

Lovulladi yuzlari.

O'sha hurni ko'rganday.

Dedi yonib ko'zlari:

"O'ylabmanki, jannatda

Meva-cheva bor xolos.

Unga qanday kiradi,

O'rgatib qo'y, iltimos".

Dedim: "Ichishni tashlab,

Halol hunar-kasb qiling.

Xulqingiz bo'lsin go'zal,

Sudxo'rlikni bas qiling.

Alloh deb do'st bo'lasiz

Ilm-hunar, san'atga.

Poklig-u iymon bilan

Kiriladi jannatga".

Dedi: "Hurdan rashk qilib,

hurpaymaydimi pating?"

Dedim: "Ming bor rozimaaaan,

Iloyo, qo'sha qaring".

Tongda mani uygotdi

Ko'zi to'la nur bilan.

Bir qo'lida jaynamoz,

Bir qo'lida gul bilan.

Dedim: "Hay, nima bo'ldi?

Nega tegdiz gulimga?"

Dedi: "Ilinib ketdim

Jannatdagi hurimga.

Alloh-Alloh, qoyilman!

Dedim ko'ksimga urib.

Shu erga ham bir gapni

Bo'larkan-a uqtirib?

Tutagan shamchiroqqa

quygan kabi moyini.

Voy-voy shu qaysarni ham

Topdim nozik joyini.

Boshladi yangi hayot,

Chizdi go'zal naqshlar.

Hatto chet eldan kelib

Sotib olar muxlislar.

Yashar qalbi-jismi pok,

El-yurtini sevadi.

Endi bizning "mavlono"

Manga qilar nasihat.

Har so'zida yuz ma'no,

Har ishida yuz hikmat.

Undan bezor bo'lgandim,

Kulsangiz ham aytaman:

Bugun uni shu yoshda

Sevib qoldim qaytadan.

Hatto o'sha hurlardan

Rashk qilib qoldim andak.

Jannat eshigidan ham

Mo'ralab tursam kerak.

Darvozasiga yozib

Qo'yaman shu she'rimni.

Ey jannatning hurlari,

Xafa qilmang erimni.

Sizga loyiq qilguncha

Aroqxo'r bu kishimni

Yerdan terib olganman

Singan qancha tishimni.

Yorildi qancha kursi,

Qancha eshik-oynaklar.

Uchib o'tgan boshimdan

Qancha likop-choynaklar....

Mehnatini man ko'rdim,

Oqdi qancha ko'zyoshim.

Rohatini siz ko'ring,

Jannatdagi kundoshim.

Erim qayta yosharib,

Yoningizga kirgan dam.

Duo qilib qo'ying bir

Marhabo sho'rlikni ham.

Siz haqda bir eshitgan

Erkak holi shu bo'lsa,

Nima bo'lar ekan-a,

O'zingizni bir ko'rsa?..


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi She'rlar Marhabo Karimova She'rlari Marhabo Karimova asarlari