Sahifa yuklanmoqda . . .


G'alati san'at

Bolani qarg'amang,
Duo qiling bolani.
"It", "Eshak" deb so'kishga,
Hayo qiling, bolani.

Rosululloh derdilar,
Yuzlaridan yog'ib nur:
"Bolalar bu - jannatning
Gul-u rayhonlaridir".

To'g'ri, ba'zida "Gul-u
Rayhon"lar ham kuydirar.
Sho'xligi oshib ketsa,
Joningizdan to'ydirar.

Bobom derdi: "Bolani
So'kmoq asli emas ep,
Jahlingiz chiqsa ayting:
"Nodon"yoki "Xumpar" deb.

"Boy bo'lgur", "Ko'paygur" deng,
Aslo demang "O'l", "La'nat",
Shuni bilib qo'yingki,
So'kininsh ham bir san'at.

Qaniydi, payg'ambarday
So'ksangiz, qilsam huzur.
Ul zot derdilar, so'ksa:
"Burning erga ishqalgur".

Tildan chiqqan har so'zda,
Ma'rifat, ziyo bo'lsin.
Hatto so'kishingiz ham
Yaxshi bir duo bo'lsin.

Ixlos bilan qilingan,
Har niyating ushalar.
Har so'zga ko'kda "Omin!",
Deb turar farishtalar.

"It" desangiz, it bo'lib,
O'zingizni qopadi.
"Eshak"dan eshak, har kim
O'z tilidan topadi.

Farzandingiz bilan el
Faxrlanib yashasin.
It-u eshak fe'llardan
Parvardigor asrasin.

Olim, shoir, hunarmand,
Polvon bo'lsin bolalar.
Yurtga kerakli, halol,
Inson bo'lsin bolalar.

Bolangizni so'ksangiz,
"Poshsho" bo'lgur", deb so'king.
"Olim bo'lgur", "Xizrga
Oshno bo'lgur", deb so'king.

Og'izdan chiqqan har so'z,
Marhabo, bilki, kushod.
Inson ma'rifatini
O'lchaydigan darajot.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi She'rlar Marhabo Karimova She'rlari Marhabo Karimova asarlari