Sahifa yuklanmoqda . . .


Ey sabo, holim borib…

Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimg‘a ayt,

Yig‘larimning shiddatin gulbargi xandonimg‘a ayt.

 

Buki aning ahd-u paymonig‘a men o‘lsam dag‘i,

Yaxshi fursat topsang, ul bad ahd-u paymonimg‘a ayt.

 

Buki aning zulfi zunnorida dinim hosili,

Kufr ila bo‘lmish mubaddal, nomusulmonimg‘a ayt.

 

Buki qilmisham jahon-u jonni aning sadqasi,

Yuz tuman jon-u jahondan yaxshi janonimg‘a ayt.

 

Buki yuz jon sadqasi qilsam pushaymon bo‘lmag‘um,

Vaslig‘a bir va’da qilg‘andin pushaymonimg‘a ayt.

 

Buki yuz ming fitnako‘zlig‘ bo‘lsa paydo onsizim,

Qilmag‘um nazzora hargiz, ko‘zi fattonimg‘a ayt.

 

Buki chok aylab yoqa, usruk chiqar el qasdig‘a,

Men o‘lib el jon topar, beboki nodonimg‘a ayt.

 

Dahr bog‘i gullari husnin vafosiz erkanin,

Yuzi gul, jismi suman, ko‘yi gulistonimg‘a ayt.

 

Ey Navoiy, hech gulshanning seningdek xushnavo,

Bulbuli yo‘q erkanin shohi suxandonimg‘a ayt.


Ushbu yakpora g'azalni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
15-Iyulda yuklangan

23 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sabo hol sarv yig’i barg ahd fursat zulf din hosil kufr jahon jon yuz jonon fitna vasl
Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Yakpora g'azallar Alisher Navoiy Yakpora g'azallari Alisher Navoiy asarlari